Yangi O‘zbekistonda “Aholini ro‘yxatga olish” ilk bor oʻtkaziladi
Aholi sonini roʻyxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli boʻlgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish, baholash, tahlil va eʼlon qilishning yagona jarayonidir. U aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning asosiy manbai boʻlib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz koʻrsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantiriladi.
Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan. Bunday sanoq soʻnggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrogʻi, 1989-yilda oʻtkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan maʼlumki, koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish tadbiri kamida har oʻn yilda bir marotaba tashkillashtirilishi anaʼnaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2020- yil 16- mart, OʻRQ-611-son qonuni tasdiqlandi.
“Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini roʻyxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida roʻyxatga olinadi.
Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aholini roʻyxatga olish — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida oʻtkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yigʻish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini roʻyxatga olish sanasi — aholi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini roʻyxatga olish sanasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʻyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;
roʻyxatga olish varagʻi — koʻrsatilgan savollar boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
roʻyxatga olish hujjatlari — aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
roʻyxatga oluvchi xodimlar — Oʻzbekiston Respublikasining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrishga va uni oʻtkazishga jalb etilgan, maxsus oʻquvdan oʻtgan voyaga yetgan fuqarolari;
uy xoʻjaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʻzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʻjalik yuritadigan, pul mablagʻlarini toʻliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yigʻindisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida boʻlishi yoki boʻlmasligi mumkin. Uy xoʻjaligi bitta shaxsdan iborat boʻlishi mumkin.

